Xulosa chiqarishdan oldin Davlat ekologik ekspertizasi mutaxassislari bir oy davomida MTO Gaz-kimyo majmuasi loyihasining barcha tarkibiy qismlarini, shuningdek, loyihaning atrof-muhitga ta’sirini boshqarish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni chuqur o‘rganishdi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish masalalari MTO gaz-kimyo majmuasi loyihasini amalga oshirishda asosiy masalalardan biridir.
Baholashning birinchi bosqichi materiallari bo‘yicha Respublika davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi kompaniyaning tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, davlat ekologik me’yorlari va standartlariga qat’iy rioya etish majburiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Taqdim etilgan atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari bo’yicha xulosa GKM MTO to’liq ishga tushirilgunga qadar olishi kerak bo’lgan uchtadan birinchisidir. Atrof-muhitga ta’sirni baholashning ikkinchi bosqichi to’g’risidagi qaror loyihani yanada ilg’or batafsil loyihalash bosqichida ko’rib chiqilgandan so’ng chiqariladi. Uchinchi va yakuniy ekspertiza MTO gaz-kimyo majmuasini ishga tushirishdan oldin amalga oshiriladi.
Ilgari Mott Makdonald maslahatchilari “Ekostandart Ekspert” MChJ koʻmagida loyihaning ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsirini baholashlarini oʻtkazdilar, bu esa GKM MTOda amalga oshirilayotgan ijtimoiy va ekologik amaliyotlar xalqaro moliyaviy rivojlanish institutlari, shu jumladan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki standartlariga javob berishini koʻrsatdi.
Ishlab chiqilgan hujjatlarda ish o‘rinlari yaratish va hududni iqtisodiy rivojlantirish orqali ijobiy ijtimoiy samaralar haqida ham xulosalar chiqarildi. GKM MTO loyihasini amalga oshirish bandlik darajasining oshishi hisobiga Buxoro viloyatiga multiplikativ iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Gaz-kimyo majmuasining barqaror rivojlanish masalalariga kompleks yondashuvi, jumladan, nafaqat atrof-muhit, balki inson huquqlari, mehnatni muhofaza qilish va sog‘lig‘i, shuningdek, ijtimoiy mas’uliyat va fuqarolar farovonligi xalqaro miqyosda ham e’tirofga sazovor bo‘ldi. Globuc agentligining ekspertlar kengashi 2023 yil sentyabr oyida GKM MTOni “ESG sohasida yilning eng yaxshi yutuqlari” mukofoti bilan taqdirladi.