Bugun O’zbekiston Energetika vazirligi va “O’zbekneftgaz” AJ, “O’zkimyosanoat” AJ, “Air Products & Chemicals Inc” va “Enter Engineering” kabi bir qator investorlar (“Guruh”) MTO texnologiyasiga asoslangan gaz-kimyoviy majmua (metanolni olefinlarga aylantirish) qurilishi uchun loyihani ishlab chiqish to’g’risidagi Bitim (PDA) imzolanganligini e’lon qilishdi. Loyihaning maqsadi — iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, import o’rnini bosish va to’qimachilik sanoatini rivojlantirish maqsadida ichki gaz resurslaridan foydalangan holda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish.
Dastlabki kelishuvlarga ko’ra, guruh yiliga 1,5 ming kubometr tabiiy gazni qayta ishlashi kutilayotgan 500 ming tonna quvvatga ega yangi zamonaviy zavod qurishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyihaning potentsial texnologik va konsalting sheriklari quyidagilar hisoblanadi: Honeywell UOP, Amec Foster Wheeler, Haldor Topsoe va IHS Markit.
Zavodda iqtisodiyotning bir qancha sohalarida ishlatiladigan yuqori samarali polimerlar va boshqa qimmatbaho mahsulotlar, masalan, sintetik kauchuk, yuqori sifatli plastmassa va boshqalar ishlab chiqariladi.
Ushbu ob’ektning joylashuvi, tanlanadigan joy xaridorlarga mamlakat ichkarisida va Evropa va Osiyodagi bozorlarda yaxshiroq xizmat ko’rsatish maqsadida, raqobatbardosh xom ashyo va energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini berishi va tegishli infratuzilmasi mavjudligini hisobga olgan holda, qisqa vaqt ichida aniqlanadi.
O’zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov shunday dedi:
“Ushbu zavodni qurish to’g’risidagi qaror — bu O’zbekistondagi neft-kimyo sanoatining o’sish strategiyasini amalga oshirish va yuqori sifatli mahsulotlar va xom ashyo eksportini ko’paytirish imkoniyatlarini yaratish yo’lidagi yana bir qadamdir. Ushbu loyiha xalqaro maydonda O’zbekistonning raqobatbardoshligini oshiradi.”
Investorlar guruhi qo’shma bayonot berishdi:
“Biz O’zbekistondagi yangi neft-kimyo zavodini qo’llab-quvvatlash bo’yicha birinchi qadamni tashlaganimizdan mamnunmiz. Sarmoyadorlar guruhi sifatida biz investitsiya uchun jozibali va ayni paytda mamlakat uchun strategik jihatdan muhim loyihalarni qo’llab-quvvatlashga qiziqamiz ”.